Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

Dori-darmonlar, qon preparatlari va endoprotezlarni xarid qilish, O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan operatsiyalar va ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar haqini to‘lash, shuningdek, diagnostika xizmatlarini (PET-diagnostika, immunogistokimyoviy tahlil, MRT va boshqalar) to‘lash.
Bilish muhim: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-maydagi PQ-183-son “Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan boshlab 18 yoshdan 21 yoshgacha (21 yosh ham shu jumladan) bo‘lgan, onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bemorlar Markazda, Milliy bolalar tibbiyot markazining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida, shuningdek, voyaga yetguniga qadar tibbiy yordam olgan boshqa tibbiyot muassasalarida bepul davolanishni davom ettiradilar.
Birlamchi arizalar 18 yoshga to‘lmagan bolalar uchun qabul qilinadi. Agar ariza topshirish vaqtida bola 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa, ariza statistika yuritish maqsadida ro‘yxatga olinadi, biroq ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Takroriy arizalar 25 yoshga to‘lmagan, ilgari Fonddan yordam olgan shaxslar uchun topshirilishi mumkin. 25 yoshga to‘lgan va undan katta shaxslarning arizalari statistika yuritish maqsadida ro‘yxatga olinadi, biroq ko‘rib chiqilmaydi.
Tashxis. Yordam faqat onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarga ko‘rsatiladi. Agar Fond ko‘magini oluvchi shaxs ilgari yordam olgan bo‘lsa, biroq uning tashxisi onkologik yoki gematologik kasalliklarga taalluqli bo‘lmasa, bunday ariza statistika yuritish maqsadida ro‘yxatga olinadi, ammo ko‘rib chiqilmaydi.
Maqsadli xayriya mablag‘larini yig‘ish. Belgilangan mezonlarga mos keladigan barcha yordam oluvchi shaxslar uchun Fondning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida maqsadli xayriya mablag‘larini yig‘ish kampaniyasi ochiladi. Istisno hollarda, ota-onalarning iltimosiga ko‘ra, mablag‘ yig‘ish bolaning fotosuratisiz e’lon qilinishi mumkin. Agar zarur yordam maqsadli xayriya mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplangan bo‘lsa, mablag‘ yig‘ish kampaniyasi ro‘yxatga olinadi va yopiladi.
Mablag‘lar qoldig‘i. Muayyan yordam oluvchi shaxs uchun yig‘ilgan, biroq foydalanilmagan mablag‘lar, agar u 25 yoshga to‘lgunga qadar ulardan foydalanmasa, Fond tasarrufida qoladi va Fondning ustav maqsadlari uchun ishlatiladi.
Fond quyidagi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatadi:
dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni xarid qilish;
operatsiyalar va boshqa tibbiy xizmatlar haqini to‘lash;
diagnostika xizmatlarini (PET-diagnostika, MRT, immunogistokimyoviy tahlil va boshqalar) to‘lash;
endo- va ekzoprotezlash.
Fond quyidagi hollarda yordam ko‘rsatmaydi:
onkologik va gematologik kasalliklarga taalluqli bo‘lmagan kasalliklarni davolash uchun;
reanimatsiya xizmatlari haqini to‘lash uchun;
naqd pul shaklida;
ilgari xarid qilingan dori-darmonlar yoki ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun sarflangan xarajatlarni qoplash shaklida.
Shuningdek, Fond O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga yordam ko‘rsatmaydi.
Yordam olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
bolaning ota-onalari pasportlarining nusxalari. Ota-onalardan biri bo‘lmagan taqdirda (vafot etganligi, ajrashganligi va boshqa sabablarga ko‘ra), arizani ota-onalardan birining pasport nusxasi bilan rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi;
shifokorning tibbiy xulosasi yoki kasallik tarixidan ko‘chirma;
oilaning ijtimoiy holati va moddiy yordamga ehtiyoji mavjudligi to‘g‘risida mahalla qo‘mitasidan ma’lumotnoma. Ma’lumotnoma mahalla qo‘mitasi raisining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi hamda unda aloqa telefoni ko‘rsatilishi lozim;
yordam oluvchi shaxs davolanayotgan klinika rahbariyatining davolash uchun zarur dori vositalarini xarid qilishda yordam ko‘rsatish tavsiya etilgan xati. Xatda davolovchi shifokorning F.I.Sh. va aloqa telefoni ko‘rsatilishi lozim. Agar klinikadan bunday xatni olish imkoni bo‘lmasa, arizachi davolovchi shifokorning davolash bo‘yicha tavsiyalari va moliyalashtirish zarurati ko‘rsatilgan ma’lumotnomasini taqdim etishi mumkin;
arizachi tomonidan to‘ldirilgan yordam olish uchun anketa-ariza.
arizachining shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish va ularga ishlov berishga roziligi;
bolaning nomiga yig‘ilgan, biroq foydalanilmagan mablag‘larni Fondning ustav maqsadlari uchun ishlatishga roziligi;
taqdim etilgan barcha ma’lumotlarning to‘g‘ri va haqqoniy ekanligini tasdiqlash;
zaruratga ko‘ra, Fondning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtirish uchun yordam oluvchi shaxsning fotosurati.
Xayriya yordamini olish uchun ariza arizachi tomonidan Fond ofisida topshirilishi mumkin.
Agar ezgu-amal.uz saytida va to‘lov platformalarining tegishli bo‘limlarida (Click, Payme, Uzumbank, Alif va boshqalar) muayyan yordam oluvchi shaxs nomiga ochilgan maqsadli xayriya mablag‘larini yig‘ish doirasida to‘plangan mablag‘lar ushbu shaxs tomonidan talab qilinmasa yoki foydalanilmasa, mazkur mablag‘lar Fond tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra boshqa yordam oluvchi shaxslarga yordam ko‘rsatish yoki Fondning boshqa ustav maqsadlari uchun ishlatilishi mumkin.
Arizalar kelib tushish navbati bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Arizani ko‘rib chiqish muddati u Fondga kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kunini tashkil etadi.
Tasdiqlangan ariza bo‘yicha yordam Fond boshqaruvi raisi tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab 10 ish kuni ichidako‘rsatiladi.
Har bir yordam oluvchi shaxs uchun ezgu-amal.uz saytida yoki to‘lov platformalarida (Click, Payme va boshqalar) zarur summa ko‘rsatilgan holda maqsadli xayriya mablag‘larini yig‘ish kampaniyasi ochiladi.
Shoshilinch so‘rov kelib tushgan va ko‘rsatilgan raqamli platformalarda zarur mablag‘ning to‘liq yig‘ilishini kutish imkoni bo‘lmagan hollarda yoki yordam oluvchi shaxs nomiga boshqa maqsadli tushumlar mavjud bo‘lsa, Fondning hisob-kitob raqamida yetarli mablag‘ mavjud bo‘lgan taqdirda, Fond boshqaruvi raisi arizani tasdiqlagan kundan boshlab 10 ish kuni ichida so‘ralgan yordam ko‘rsatiladi. Zarur summa yig‘ilgandan so‘ng tegishli mablag‘ yig‘ish kampaniyasi yopiladi.
Agar yordam oluvchi shaxsning arizasi maqsadli xayriya mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplangan bo‘lsa — muayyan bolaning nomiga yoki ko‘rsatilgan/ko‘rsatilayotgan yordam turiga (masalan, donor endoprotezlash bo‘yicha barcha arizalar uchun mablag‘ ajratgan bo‘lsa) — statistika yuritish maqsadida yordam oluvchi shaxs Fondning ma’lumotlar bazasida noyob identifikatsiya raqami (ID) bilan ro‘yxatga olinadi. Uning nomiga Fond saytida mablag‘ yig‘ish kampaniyasi ochiladi va zarur summa to‘liq qoplanganligi sababli bir vaqtning o‘zida yopiladi.
Ushbu dasturni qo'llab-quvvatlang