Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...
B103Bolalar hayoti uchun 3 000 kilometrdan ortiq yo‘l: samarqandlik velosayohatchi Pomir bo‘ylab ekspeditsiyaga otlanadi
Bolalar hayoti uchun 3 000 kilometrdan ortiq yo‘l: samarqandlik velosayohatchi Pomir bo‘ylab ekspeditsiyaga otlanadi
2026-yil avgust oyida Samarqandlik velosayohatchi Markaziy Osiyoning eng murakkab va go‘zal yo‘nalishlaridan biri — afsonaviy Pomir trakti bo‘ylab yakka tartibdagi velosayohatga otlanadi. 3 000 kilometrdan ortiq masofani qamrab oladigan ekspeditsiya Tojikiston hududi orqali, mintaqadagi eng baland avtomobil dovoni — Oq-Baytal (4 655 m)dan o‘tadi. Keyin yo‘nalish Kulma dovoni orqali Xitoyga, qadimiy Qashqar shahrigacha davom etadi. Shundan so‘ng marshrut yana Pomir orqali o‘tib, O‘sh shahrida (Qirg‘iziston) yakunlanadi.
Biroq sayohatning asosiy maqsadi sport yutug‘i yoki baland tog‘ dovonlarini zabt etish emas. Veloekspeditsiya xayriya maqsadida tashkil etilib, «EZGU AMAL» jamoat xayriya fondini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ekspeditsiya davomida velosayohatchi har kuni fotosuratlar, videolar va safar qaydlarini e’lon qilib boradi. U Pomir tabiati, Markaziy Osiyo madaniyati hamda yo‘lda uchratgan insonlari haqida hikoya qiladi. Loyihaning asosiy maqsadi — jamoatchilik e’tiborini davolanishga muhtoj bolalarning muammolariga jalb qilish va odamlarni xayriya tashabbusiga qo‘shilishga undash.
Sayohat to‘liq avtonom tarzda amalga oshiriladi. Yo‘nalish 4 500 metrdan baland tog‘ dovonlari, kuchli shamollar va haroratning keskin o‘zgarishi kuzatiladigan hududlar, shuningdek, aholi punktlari bo‘lmagan ko‘p kilometrlik yo‘l qismlarini o‘z ichiga oladi. Ekspeditsiyaning har bir kuni chidamlilik va iroda uchun jiddiy sinov bo‘ladi.
«Bosib o‘tilgan har bir kilometr bugun hayot uchun kurashayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ramziga aylanadi. Agar ushbu ekspeditsiya tufayli hech bo‘lmaganda bir nafar bola sog‘ayish imkoniyatiga ega bo‘lsa, demak, bu yo‘l behuda bosib o‘tilmagan bo‘ladi», — deydi Ravshan Amirov.
Ekspeditsiya jarayonini Instagram ijtimoiy tarmog‘ida Ravshan Amirovning @ravshan_amirov sahifasi, shuningdek, loyihaning @velolife.uz rasmiy sahifasi orqali kuzatib borish mumkin.
Ushbu loyihani qo'llab-quvvatlang