Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

Samarqandda sog‘liqni saqlash sohasida muhim voqea yuz bermoqda — «Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘li» Butunjahon sammiti doirasida bolalar onkologiyasi bo‘yicha II Xalqaro kongress boshlandi. Bu yilgi uchrashuvning asosiy mavzusi: «Sog‘ayishdan farovonlik sari».
«EZGU AMAL» xayriya fondi jamoasi O‘zbekistonda og‘ir bemor bolalar bilan ishlovchi fuqarolik jamiyati va NNT sektori manfaatlarini himoya qilgan holda, kongress ishida faol ishtirok etmoqda.
Keng ko‘lamli xalqaro maydon O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarini birlashtirdi. Muhokamalarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologiya maktabi vakillari, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning universitet klinikalari, yetakchi tibbiyot markazlari hamda milliy ilmiy hamjamiyat mutaxassislari ishtirok etmoqda.
«Sog‘ayishdan farovonlik sari» kongress mavzusi «EZGU AMAL» fondining missiyasi bilan to‘la hamohangdir. Bugungi kunda global onkologiya faqatgina bolaning hayotini saqlab qolishga emas, balki uning kelgusi hayot sifatiga ham e’tibor qaratmoqda. Fond uchun bu tizimli ishlarni davom ettirishni anglatadi: hayotiy muhim dori-darmonlarni xarid qilish va bolalar onkologiyasini davolashda davlat sektorini qo‘llab-quvvatlashdan tortib, og‘ir davolanishdan so‘ng bolalarning jamiyatga qulay moslashishiga yordam beruvchi dasturlarni joriy etishgacha.
Kongress doirasida «EZGU AMAL» vakillari xalqaro sohaga ixtisoslashgan ekspertlar bilan faol tajriba almashmoqda, davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni muhokama qilmoqda. Bunday yuqori darajadagi tadbirlarda ishtirok etish fondga eng yaxshi jahon amaliyotlarini o‘zlashtirish va ularni mamlakatimizdagi kichik bemorlarga yordam berish uchun joriy etish imkonini beradi.