Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

Toshkentda Philips Foundation xalqaro notijorat tashkiloti tomonidan "EZGU AMAL" xayriya fondi bilan hamkorlikda hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan xayriya loyihasiga start berildi. Tashabbus mamlakatning chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarida diagnostika yordamidan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan.
Xayriya asosida O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot muassasalariga 25 ta mobil ultratovush (UTT) tizimi yuborildi. Uskunalar shifokorlarga bevosita yordam ko‘rsatish joyida — chekka hududlarda, hodisa joylarida, tez tibbiy yordam mashinalarida, bemorning yotog‘i yonida va uyida bemor holatini ultratovush orqali baholash imkonini beradi. Bunga parallel ravishda hududlardan kelgan 24 nafar shifokor innovatsion portativ tizimlar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv mashg'ulotlarini boshlashdi.
Loyihaning rasmiy ishga tushirilishi Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Irkinovna Basitxanova, Philips kompaniyasining CCAM mintaqasi bo‘yicha hamkorlar bilan ishlash rahbari Bibigul Musaxitova, Markazning tibbiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, bosh shifokor Dilnoza Anvarovna Agzamxodjayeva, shuningdek, "EZGU AMAL" jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Yahyo Fazlitdinovich Ziyayevlar ochib berishdi.
Uskunalarni taqsimlash quyidagicha ko‘zda tutilgan: hududiy tibbiyot muassasalariga ikkitadan apparat yuboriladi, yana uchta apparat esa Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga topshiriladi.
Taqdim etilayotgan tizimlar — Philips Lumify: USB-port orqali ulanib, mos keluvchi Android smartfoni yoki planshetini yuqori toifali mobil UTT-skaneriga aylantiruvchi portativ ultratovush texnologiyasidir. Yechimning ixchamligi shifokorlarga mobillikni ta'minlaydi hamda statsionar uskunalardan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan, yordamning tezkorligi va operativligi ayniqsa muhim bo‘lgan joylarda diagnostika o‘tkazish imkonini beradi.