Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

Philips Foundation xalqaro notijorat tashkiloti xayriya asosida O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot muassasalari uchun 25 ta mobil UTT (UZI) apparatini yubormoqda. Ushbu zamonaviy diagnostika uskunasi shifokorlarga bevosita yordam ko‘rsatish joyining o'zida bemor holatini ultratovush orqali baholash imkonini beradi. Mazkur yechim chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarda, hodisa joylarida hamda tez tibbiy yordam mashinalarida yordam ko‘rsatish uchun juda mos keladi.
Loyiha doirasida uskunalarni taqsimlash quyidagicha ko‘zda tutilgan: — hududiy tibbiyot muassasalariga 2 tadan UTT apparati yuboriladi; — 3 ta UTT apparati Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga topshiriladi.
Taqdim etilayotgan UTT apparatlari mobil ilova asosida ishlaydigan portativ qurilmalar bo‘lib, ular planshetga ulanadigan ixcham ultratovush datchiklari to‘plamidan iborat. Tizimning ixchamligi shifokorga mobil va moslashuvchan bo‘lish, shuningdek, istalgan joyda, istalgan vaqtda, shu jumladan, statsionar apparatlardan foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda tibbiyot muassasasidan tashqarida ham UTT diagnostikasini o‘tkazish imkonini beradi.
⚠️ Muhim: UTT apparatlari planshetlarsiz taqdim etilmoqda. Planshet tizimning ajralmas qismi hisoblanadi — aynan u orqali qurilmani boshqarish, tasvirni vizuallashtirish va tekshiruv ma'lumotlarini saqlash amalga oshiriladi. Mos keluvchi planshetsiz UTT apparatidan foydalanishning iloji yo‘q.
Uskunalarni ishga tushirish uchun ishlab chiqaruvchining texnik talablariga javob beradigan 25 ta mos keluvchi planshetni xarid qilish zarur. To‘liq spetsifikatsiya va qo‘llab-quvvatlanadigan qurilmalar ro‘yxati bu yerda joylashtirilgan.
Agar siz loyihani qo‘llab-quvvatlashga, uskunalarni xarid qilishga yordam berishga tayyor bo‘lsangiz yoki qo‘shimcha ma'lumot olishni istasangiz, iltimos, biz bilan bog‘laning: +998 99 854 55 74
Ushbu bosqichni amalga oshirish — sog‘liqni saqlash tizimini barqaror rivojlantirishga, shuningdek, bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati hamda tezligi bevosita bog‘liq bo‘lgan o‘z vaqtida diagnostika qilish yo'nalishiga qo‘shilgan ulkan hissadir.