Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

26-dekabr kuni "EZGU AMAL" fondi tomonidan Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi ilmiy-amaliy markazida davolanayotgan bolalar uchun "Mo‘jiza kutib" nomli Yangi yil bayrami tashkil etildi.
Shu kuni shifoxona devorlari kulgi, musiqa va chinakam Yangi yil shukuhi bilan to‘ldi. Bolalarning huzuriga sevimli qahramonlar — Grinch, Qorbobo va Qorqiz tashrif buyurdi. Ular bilan birgalikda bolajonlar quvnoq o‘yinlar, raqslar va tanlovlarda ishtirok etishdi, she’rlar o‘qib, qo‘shiqlar kuylashdi. Bayram bolalarga davolanish jarayonidan chalg‘ib, o‘zlarini shunchaki baxtiyor va beg‘ubor bolalardek his qilish imkonini berdi.
Bayramning yakuniy qismida fondning do‘stlari — TWIG Uzbekistan hamjamiyati tomonidan sovg‘alar topshirildi. Sovg‘alar davolanish davrida bolalar uchun qo‘llab-quvvatlash va e’tiborning muhim belgisiga aylandi. "EZGU AMAL" fondi TWIG Uzbekistan hamjamiyatiga tadbirni tashkil etishdagi ishtiroki, qo‘llab-quvvatlashi va qo‘shgan hissasi uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi.