Yuklanmoqda...
Yuklanmoqda...

Onkologik kasalliklardan davolanishni yakunlagan bolalar uchun reabilitatsiya oromgohining ikkinchi mavsumi bo‘lib o‘tdi. Dasturda bolalar onkologiyasiga duch kelgan 25 ta oila ishtirok etdi.
Birinchi reabilitatsiya oromgohi o‘tgan yili loyiha hamkorlari — “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i va NIVEA brendi ko‘magida o‘tkazilgan edi. Bu yil tashabbus davom ettirildi: xuddi shu hamkorlar va "Ezgu Amal" jamoat fondining qo‘shma xayriya aksiyasi tufayli dasturning ikkinchi mavsumi tashkil etildi.
Xayriya kampaniyasi aprel oyida “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ida NIVEA brendi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tdi. Tashabbus doirasida 289 926 000 so‘m mablag‘ yig‘ildi.
Yig‘ilgan mablag‘lar sanatoriylarda kompleks reabilitatsiya va tiklanish dasturini tashkil etishga yo‘naltirildi. Og‘ir davolanishni boshdan kechirgan bolalar va ularning ota-onalari uchun oromgoh g‘amxo‘rlik, qo‘llab-quvvatlash va kelajakka ishonch bilan odatiy hayotga qaytishning muhim bosqichiga aylandi.
Reabilitatsiya dasturi davomida oilalar kuch to‘plash, sog‘lomlashtirish muolajalaridan o‘tish, tinch va xavfsiz muhitda vaqt o‘tkazish, shuningdek, mutaxassislarning zaruriy yordamini olish imkoniga ega bo‘ldilar. Nafaqat bolalarning jismoniy tiklanishiga, balki butun oilaning ruhiy holatiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Bu yil loyihaga dasturni bolalar uchun yanada iliq, mazmunli va esda qolarli qilishga yordam bergan boshqa hamkorlar ham qo‘shildi:
- Bolalar uchun logotipli futbolkalar, eko-xaltalar (shopperlar) va karaoke kechasi uchun TWIG Uzbekistanhamjamiyatiga minnatdorchilik bildiramiz.
- Oromgoh ishtirokchilariga katta quvonch va jonli muloqot baxsh etgan aeroxokkey va stol futboli uchun InoRent'ga rahmat.
- Sovg‘alar, shirinliklar, qiziqarli dastur va sovg‘a qilingan audiodinamik (kolonka) uchun Car-pro group'ga minnatdorchilik bildiramiz.
- Bolalarga taqdim etilgan sovg‘alar, e'tibor va samimiy g‘amxo‘rlik uchun Nur ko‘ngillilar jamoasiga rahmat.
- Bolalar uzoq vaqt yodda saqlaydigan konsert uchun Konsta'ga alohida minnatdorchilik bildiramiz.
Reabilitatsiya oromgohi shunchaki tiklanish dasturi emas, balki umid, g‘amxo‘rlik va yangi kuch-quvvat makoniga aylandi. Saratonni yenggan bolalar uchun bu to‘laqonli, faol va baxtli hayot sari yana bir qadamdir.